12-08-2025 05:33
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizdagi 10 170 dan ziyod umumta’lim maktablarida yangi 2025-2026 o‘quv yilida 6,7 million o‘quvchi dars boshlashi rejalashtirilgan. Ular orasida 738 mingga yaqin bola birinchi marta maktab ostonasini bosib o‘tadi. Hozirga qadar 590 mingdan ziyod 1-sinfga o‘quvchi qabul qilingan bo‘lib, qabul jarayonlari 15-avgustga qadar davom etadi.
Solishtirish uchun, o‘tgan 2024-2025 o‘quv yilida 10 182 ta maktabda 719 mingdan ortiq bola maktabga chiqishi rejalashtirilgan, ammo amalda 700 mingga yaqin o‘g‘il-qizlar 1-sinfga qabul qilingan edi.
Yangi o‘quv yilida respublika bo‘ylab 30 dan ortiq yangi maktab faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, ijtimoiy va ishlab chiqarish dasturlari hamda boshqa manbalar hisobidan 379 ta maktabda qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bu ishlar natijasida 112 mingga yaqin yangi o‘quvchi o‘rni yaratiladi, 73 mingdan ziyod o‘rinli binolar esa mukammal ta’mirlanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1-sinf o‘quvchilari uchun Prezident sovg‘asi sifatida 12 nomdagi o‘quv jihozlari tayyorlangan. Ular orasida o‘quv sumkasi, 12 ta daftar, ruchka, ikki oddiy qalam, rangli qalamlar va qog‘oz, plastilin, rasm daftari, ikki o‘chirgich, akvarel bo‘yoqlar, yopishqoq hamda qalamdon mavjud.
Vazirlik huzuridagi «Ta’lim-ta’minot va logistika» xizmati mazkur jihozlarni maktablarga yetkazish jarayonini boshlagan. 1–10-avgust kunlari ular hududlarga, 10–20-avgust kunlari esa maktablarga tarqatiladi.