12-08-2025 05:22
Telegram asoschisi Pavel Durov messenjer platformasida shantaj va tovlamachilik bilan shug‘ullanuvchi kanallarga qarshi qat’iy choralar ko‘rilishini bildirdi. Uning aytishicha, foydalanuvchilardan firibgarlik va bosim haqida yuzlab murojaatlar kelib tushgan. Bu murojaatlar shaxs roziligisiz shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilish va pul talab qilish holatlarini o‘z ichiga olgan.
Durov ta’kidlashicha, faqat rad etilmas dalillar mavjud bo‘lgan hollardagina bunday kanallarning faoliyatiga chek qo‘yiladi. U messenjer «doksing va shantaj uchun joy emas»ligini aytib, bu kabi kontent egalari aniqlanishi va javobgarlikka tortilishi haqida va’da berdi.
Telegram 2025-yil iyul oyida ham platformadagi tovlamachilik sxemalari haqida ogohlantirgan edi. Xususan, ayrim shaxslar va guruhlar foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilish bilan qo‘rqitib, bundan mablag‘ talab qilgan.
Ba’zi kanallar esa obro‘sizlantiruvchi xabar va postlarni joylashtirib, ularni o‘chirish uchun pul so‘rash bilan shug‘ullangan. Durov bu amaliyotlarni noqonuniy va axloqqa zid deb baholab, barcha foydalanuvchilarni shantaj holatlari haqida darhol va dalillar bilan xabar berishga chaqirdi.
Ushbu choralar Telegram’ning xavfsiz va ishonchli platforma sifatida foydalanuvchilar huquqlarini himoya qilish siyosati doirasida amalga oshirilmoqda.