08-08-2025 06:29
Adliya vazirligi buyrug‘i bilan davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarining normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish faoliyatini baholash uslubiyoti tasdiqlandi. Ushbu hujjat prezident qarori asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, yuridik xizmat xodimlari faoliyatini samarali va shaffof baholashga xizmat qiladi.
Baholash jarayonida qator mezonlar asos qilinadi. Jumladan, ekspertiza qamrovi 10 ball, aniqlangan korrupsiya omillarining muvofiqligi 30 ball, barcha ehtimoliy omillarni qamrab olish darajasi 50 ball, natijalarni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish esa 10 ball bilan baholanadi.
Adliya vazirligi har yili 20-yanvarga qadar ushbu baholashni o‘tkazadi va natijalar asosida tegishli reyting tuzadi. Reytingda yuqori «a’lo» bahoga ega bo‘lgan xodimlar rag‘batlantiriladi, «qoniqarsiz» bahoga tushganlar esa faoliyatini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rishga majbur bo‘ladi.
Tizimning asosiy maqsadi — korrupsiyaga qarshi ekspertiza jarayonida mas’uliyatni kuchaytirish, normativ-huquqiy hujjatlar sifati va davlat organlarida huquqiy nazorat samaradorligini oshirishdir. Bu orqali huquqiy jarayonlarda shaffoflik va jamoatchilik ishonchini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.