07-08-2025 05:20
Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyadan Janubiy Koreyaga parvoz qilayotgan samolyot Qozog‘iston orqali uchish jarayonida orqaga qaytgan. Bunga yo‘lovchi poverbankining o‘rindiq orasiga tushib ketishi va uni olib bo‘lmagani sabab bo‘lgan. Hodisa ortidan uchuvchi ehtiyot chorasi sifatida Istanbulga qaytishga qaror qilgan.
Voqeadan so‘ng Turkiya transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir Uralog‘li barcha aviakompaniyalarga bortida poverbankdan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Uning aytishicha, bunday holatlar parvoz xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkin. Pegasus esa o‘z reyslarida poverbanklarni qo‘l yukda ham olib chiqishga yo‘l qo‘ymasligini rasman ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Turkish Airlines ham ilgari xavfsizlik talablarini kuchaytirgan holda, litiy batareyaga ega aqlli chemodanlarni bortiga qabul qilmaslikka qaror qilgan. Ularni na qo‘l yuki, na bagaj sifatida olib chiqish mumkin emas.
Avvalroq Turkiya aviakompaniyalari yana bir tartib joriy etgan edi: samolyot to‘liq qo‘nmasdan va xavfsizlik kamari belgisi o‘chmasdan turib o‘rnidan turgan yo‘lovchilarga 70 dollar jarima belgilangan.