06-08-2025 10:58
Forbes Advisor o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, foydalanuvchilarning 78 foizi bir xil parolni bir nechta akkauntda ishlatadi. Ulardan 52 foizi ushbu parolni kamida uchta akkauntda, 4 foizi esa o‘n bir va undan ortiq akkauntda qo‘llaydi.
So‘rovda ishtirok etganlarning 30 foizi parol menejerlaridan foydalanishini aytgan bo‘lsa, 22 foizi umuman himoya choralarini qo‘llamasligini bildirgan. Bu esa shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irlanishi xavfini keskin oshiradi.
Parol buzilishlarining eng ko‘p maqsad qilingan hisob turlari sifatida:
ijtimoiy tarmoqlar — 29 foiz, elektron pochta — 15 foiz, uy Wi-Fi tarmoqlari — 9 foiz, onlayn savdo akkauntlari — 8 foiz, striming platformalari — 7 foiz qayd etilgan.
Parollarni buzishning asosiy sabablari sifatida so‘rov qatnashchilari zaif parol qo‘llash — 35 foiz, bir xil paroldan qayta-qayta foydalanish —30 foiz, kompaniya ma’lumotlarining hakerlar tomonidan olinishi — 27 foiz fishing hujumlari — 21 foizni ko‘rsatgan. 17 foiz esa paroli qanday buzilganini bilmasligini aytgan.
Mutaxassislar xavfsizlikni ta’minlash uchun har bir akkaunt uchun turli va murakkab parol ishlatish, ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqish va parollarni parol menejer orqali saqlashni tavsiya qiladi.