06-08-2025 05:51
2025-yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi 37,9 million nafarga yetdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yillik o‘sish 730 ming nafarni tashkil etdi. Bu iqtisodiyotga taxminan har kuni 2 ming kishining qo‘shilayotganini bildiradi.
Ushbu o‘sish sur’ati Yevroosiyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri sanaladi. Demografik bosim ish o‘rinlari, uy-joy ta’minoti, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida sezilarli talab uyg‘otadi. Ayniqsa, yirik shaharlardagi infratuzilma va transport tizimi uchun bu jiddiy sinov hisoblanadi.
Yanvar–iyun oylari orasida O‘zbekistonda 405,5 ming nafar chaqaloq tug‘ilgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi yilning shu davriga nisbatan 14,4 mingga kam bo‘lib, demografiyadagi dinamika pastlayotganini ko‘rsatadi. Tug‘ilgan bolalarning 209,6 ming nafari o‘g‘il bolalar, 195,9 ming nafari esa qiz bolalardan iborat. Shaharlarda 197,8 ming, qishloqlarda esa 207,7 ming chaqaloq tug‘ilgan.
Shuningdek, hisobot davrida qayd etilgan o‘limlar soni 84,1 ming nafarni tashkil qildi. Yo‘qotishlarning 46,2 ming nafari erkaklar, 37,9 mingi ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Hozirgi kunda shahar aholisi soni 19,3 million nafarni, qishloq aholisi esa 18,6 million nafarni tashkil etmoqda..
Aholisi eng ko‘p viloyatlar — Samarqand (4,34 mln), Farg‘ona (4,18 mln) va Qashqadaryo (3,67 mln) hisoblanadi. Bu hududlarda aholining kuchli o‘sishi mahalliy byudjetlarga, ishlab chiqarish infratuzilmasiga va ta’lim muassasalariga qo‘shimcha bosim yuklatishi mumkin.
2025-yilning birinchi yarim yilligida 95,3 mingta nikoh qayd etilgan, shu davrda 23,3 mingta ajralish kuzatilgan. Bu har to‘rtta nikohdan biri rasman bekor bo‘laayotganini anglatadi. Ayni paytda, migratsiya manfiy ko‘rsatkichni qayd etdi: 5,6 ming kishi mamlakatdan chiqib ketgan, faqat 700 kishi qaytib kelgan.
Agar hozirgi tendensiya saqlanib qolsa, 2028-yilga borib O‘zbekiston aholisi 40 million nafardan oshib ketishi mumkin. Bu esa keng qamrovli islohotlar va uzoqni ko‘zlagan demografiya siyosati talabini kuchaytiradi.