06-08-2025 05:37
Eron hukumati chorshanba kuni haddan tashqari issiqlik sharoitida energiya sarfini kamaytirish maqsadida bir qancha viloyatlarda davlat idoralarini yopishni buyurdi.
IRNA axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning 31 viloyatidan kamida 15 tasi davlat idoralarini butunlay yopadi yoki qisqartirilgan ish vaqtiga o‘tadi.
Shimoli-g‘arbda G‘arbiy Ozarbayjon va Ardabil, janubda Hormozgon, shimolda Alborz va poytaxt Tehron issiqdan zarar ko‘rgan hududlardir.
Tehron gubernatori Muhammad Sodiq Motamediyanning aytishicha, bu qaror Energetika vazirligi talabiga binoan qabul qilingan va “suv va elektr tarmoqlarida resurslar iste’molini boshqarish”ga qaratilgan.
Biroq, favqulodda vaziyatlar va muhim xizmatlar ishlashda davom etadi.
Eron energetika vaziri Ali-Akbar Mehrabianning aytishicha, garchi rasmiylar eng yomon holatda elektr energiyasi iste’moli maksimal 6 foizga oshishini kutishgan bo‘lsa-da, misli ko‘rilmagan issiqlik mamlakatda elektr energiyasi iste’molini 9 foizga oshirgan.
Eronda iyul oyi o‘rtalaridan buyon g‘ayritabiiy yuqori harorat kuzatilmoqda, janubiy viloyatlarda havo harorati 50°C dan oshdi. Bu elektr tarmog‘iga haddan tashqari yuklamaning ortishiga va butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasining keng ko‘lamli uzilishlariga olib keldi.
Rasmiylar, shuningdek, suv omborlaridagi suv sathining kamayishi sababli Tehron suv ta’minoti tizimidagi bosimni kamaytirishga majbur bo‘ldi. Mahalliy matbuot hozirgi qurg‘oqchilikni so‘nggi yuz yildagi eng yomoni deb atamoqda, deb xabar berdi inform.kz.