05-08-2025 13:02
Rossiya Fanlar akademiyasi huzuridagi Geofizika instituti ma’lumotiga ko‘ra, 30 iyul kuni Kamchatkada ro‘y bergan kuchli zilziladan so‘ng haftalik muddatda 7 ta vulqon — Bezimyanniy, Kambalniy, Karimskiy, Klyuchevskoy, Krasheninnikov, Mutnovskiy va Avachinskiy — faollashdi. Ularning uchtasida 300-yildan ortiq vaqt mobaynida faollik kuzatilmagan edi.
Institut direktori Aleksey Ozerov bunday hodisani «vulqonlar paradi» deb atadi va Kamchatkada so‘nggi bunday holat 1737-yilda zilzila oqibatida kuzatilganini ta’kidladi. Ayniqsa, Krasheninnikov vulqonida ilk bor 1463-yildan beri lava chiqishi kuzatildi. Hozirda u yerda bir vaqtda ikki turdagi — cho‘qqi va o‘rta zonadan lava otilib chiqishi kuzatilmoqda.
Kambalniy vulqoni bir necha o‘n yillik sukutdan so‘ng kuchli g‘ulg‘ula chiqarmoqda. Uning 1979-yilda uning otilishi ilmiy ekspeditsiyadagi bir xodimning halok bo‘lishi bilan yakunlangan edi. Hozirda u yerda seysmik faollik kuchayib, 6 km balandlikkacha kul otilib chiqishi mumkin.
Klyuchevskoyda lava oqimi 3 kmgacha yetib, Bogdanovich muzligiga yaqinlashmoqda. Mutnovskiyda «sariq» aviatsiya xavfi kodi berilgan, sun’iy yo‘ldoshlar termal anomaliyani qayd etmoqda. Shiveluchda ekstruziv va eksploziv otilish, Avachinskiyda esa bug‘ va gaz emissiyasi davom etmoqda. Bezimyanniyda nisbatan sokin faollik qayd etilgan.
Kamchatkadagi vulqonlar faolligi turizmga ham ta’sir qilmoqda. Gid Aleksey Yegeyelev ta’kidlashicha, Avachinskiy va Mutnovskiyga sayohatlar to‘xtatilgan, xavf yuqori bo‘lgani bois marshrutlar o‘zgartirilayapti. «Qayta zilzila, tosh qulashi va sel xatarlari tufayli sayyohlarni bu hududlarga olib borish mumkin emas», dedi u.
Zilzila oqibatlari bir necha davlatlarda sezildi. Geofizika xizmati ma’lumotiga ko‘ra, aftershoklar — magnitudasi 7,5 ga yetadigan kuchli to‘lqinlar — bir necha hafta davomida kuzatilishi mumkin.