05-08-2025 07:39
Donald Tramp jurnalistlar bilan suhbatda Isroilga murojaat qilib, G‘azo sektoridagi aholini oziq-ovqat bilan ta’minlashni so‘raganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Vashington falastinliklarning ochlikdan jabr ko‘rmasligini istaydi.
«Biz falastinliklarning ochlikdan o‘lishini xohlamaymiz. Shu bois, Isroildan ularni oziq-ovqat bilan ta’minlashini so‘rayapmiz. O‘zimiz ham katta yordam ko‘rsatyapmiz», — dedi Tramp.
Unga ko‘ra, AQSH G‘azoga insonparvarlik yordami doirasida katta mablag‘ ajratmoqda. Tramp o‘tgan hafta bu maqsadda 60 million dollarlik yordam yo‘llanganini aytgan edi.
Biroq The Washington Post gazetasi xabar berishicha, amalda yetkazilgan yordam miqdori 3 million dollardan oshmagan. Bu esa e’lon qilingan yordam bilan real ko‘mak o‘rtasida jiddiy farq borligini ko‘rsatadi.
Tramp shuningdek, AQSH tomonidan ko‘rsatilgan yordamga hech kimdan minnatdorlik bildirilmaganini ta’kidladi. «Biz yordam beryapmiz, lekin hech kim rahmat aytmayapti», — dedi u.
Ayni paytda, G‘azo sektorida ochlik qurbonlari soni oshib bormoqda. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida yana besh kishi oziq-ovqat yetishmovchiligi tufayli vafot etgan. Qamal natijasida halok bo‘lganlar soni 180 nafarga yetgan, ularning 93 nafari bolalardir.