05-08-2025 07:23
Uning ijtimoiy tarmoqlarda bergan bayonotiga ko‘ra, ochlikdan vafot etganlar orasida 93 nafar bola bor.
Qo‘shimcha qilinishicha, Isroil zarbalari ostida qolgan va qat’iy blokadaga olingan G‘azo sektori og‘ir gumanitar inqirozni boshdan kechirmoqda – oziq-ovqat, suv, dori-darmon, tibbiy va gigiyenik vositalarning jiddiy tanqisligi kuzatilmoqda.
Ayniqsa, ochlikdan halok bo‘layotgan bolalar soni keskin oshib bormoqda.
Mahalliy va xalqaro manbalarning ta’kidlashicha, Isroil ochlik va chanqoqlikni qurol sifatida ishlatmoqda.
Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi fuqaroviy infratuzilmaning 88 foizini vayron qilgan. Armiyaning hujumlari hanuzgacha davom etmoqda, jumladan, avval yashash joylaridan zo‘rlab chiqarilgan falastinliklar vaqtincha boshpana topgan hududlar ham nishonga olinmoqda.
G‘azo sektorida yashovchi 2,3 million aholining taxminan 2 millioni Isroilning havo hujumlari va majburiy evakuatsiya buyrug‘i sababli o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Ko‘pchilik bir necha bor ko‘chishga majbur bo‘lgan.
Hayot uchun eng zarur sharoitlardan mahrum bo‘lgan falastinliklar hozirda o‘z qo‘llari bilan tiklagan chodirlarda yoki odamga to‘lib-toshgan maktab binolarida yashamoqda. Bu yerda eng sodda sanitariya sharoitlari yo‘q, hojatxonalar yetishmaydi va yuqumli kasalliklar tez tarqalmoqda.
Shu bilan birga, Isroil armiyasi ko‘chirilganlar boshpana qilgan chodir lagerlari va boshqa fuqaroviy obyektlarga zarbalar berishni davom ettirmoqda.
Ma’lumot uchun, 2023-yilning 7-oktyabridan buyon Isroilning G‘azo sektoriga qilgan hujumlari oqibatida kamida 60 ming 430 falastinlik halok bo‘lgan, yana 148 ming 722 nafari yaralangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq HAMAS guruhi qurolni faqat mustaqil Falastin davlati tashkil etilib, uning poytaxti Quddus bo‘lishi ta’minlangandagina topshirishga rozilik bildirgandi. Bu bayonot AQSH vakili Stiv Utkoffning HAMAS qurolni topshirmasligi haqidagi so‘zlari yangragan paytda e’lon qilindi.