05-08-2025 06:38
IZSU (Izmir suv va kanalizatsiya boshqarmasi) tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, 6-avgust kechasidan boshlab 6 soatlik suv uzilishlari amalga oshiriladi. Uzilishdan aziyat chekadigan mahalla va hududlar haqida jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot berilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lum qilinishicha, Izmirda yuzaga kelgan qurg‘oqchilik va kamayib borayotgan suv resurslari sababli avval Cheshme hududida boshlangan suv uzilishlari endilikda shahar markazida ham davom etadi.
Shaharning ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojining katta qismini qoplab kelayotgan suv omboridagi suv zaxiralari minimal darajaga tushib qolgan, Go‘rdes suv omboridan esa butunlay suv olinmayotgani ta’kidlangan. IZSU’ga ko‘ra, yerosti suv manbalari (quduqlar) ham qurg‘oqchilik sababli jiddiy darajada samaradorligini yo‘qotgan.
Bayonotda Izmirda kunlik o‘rtacha 700 ming kub metr suv sarflanishi ma’lum qilingan. Suv ta’minotini nazorat ostida davom ettirish uchun suv omborlaridagi ichimlik suvi zaxirasi yomg‘irli mavsumgacha yetishi uchun kechki suv uzilishlariga zarurat tug‘ilgani bildirilgan.
Suv sarfi yuqori bo‘lgan hududlarda aholi hayotiga minimal darajada ta’sir qilishi uchun 6-avgustdan boshlab har kuni soat 23:00 dan 05:00 gacha qisman suv uzilishlari joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Melburn universiteti olimlari va ularning hamkasblari quruqlik va yer ostidagi chuchuk suv hajmining sezilarli darajada kamayganini aniqlagandi.