04-08-2025 11:18
O‘zbekiston Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil iyul oyida quyosh va shamol manbalaridan umumiy 1 mlrd 246 mln kWh elektr energiyasi olindi. Bu mamlakatda «yashil energiya» salohiyati ortib borayotganini yana bir bor tasdiqladi. Yangi ko‘rsatkich o‘tgan oylarda qayd etilgan natijalardan ancha yuqori bo‘ldi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 4 ta shamol elektr stansiyasi ishlab turibdi. Ular jami 4 119 MW quvvatga ega bo‘lib, «yashil energiya» ishlab chiqarishda asosiy ulushni tashkil etmoqda. Iyul oyida quyosh stansiyalari 760,9 mln kWh, shamol stansiyalari esa 485,4 mln kWh energiya ishlab chiqargan.
Bu ko‘rsatkichlar tufayli mamlakat 377,5 mln metr kub tabiiy gazni tejadi hamda 1 mln 120 ming tonna zararli chiqindilarni havoga chiqishining oldini oldi. 2022 yilda faqat ikki stansiya orqali 434 mln kWh energiya ishlab chiqarilganini hisobga olsak, so‘nggi ikki yilda ulkan o‘sish kuzatilmoqda.
Shuningdek, iyul oyi davomida barcha quyosh, shamol va GESlar umumiy 2 mlrd 89 mln kWh energiya ishlab chiqardi. Bu umumiy elektr generatsiyasining 27 foiziga teng bo‘lib, 633 mln metr kub gazni tejashga hamda 1 mln 880 ming tonna zararli gazlarning chiqishini oldini olishga xizmat qildi.
Energetika vazirligi ma’lum qilishicha, 2 avgust holatiga ko‘ra, 2025 yil boshidan beri quyosh va shamol stansiyalari orqali 6 mlrd kWh’dan ortiq energiya ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich 870 ming xonadonning bir yillik elektr ehtiyojiga tengdir.