04-08-2025 06:46
Loyiha haqida rasmiy bayonotni Trampning matbuot kotibi Karolin Levitt e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilish ishlari 2025 yil sentyabrda boshlanadi va amalga oshirilishi prezidentning amaldagi muddati yakunlanishidan ancha oldin tugallanadi. Yangi ballar zali 8400 metr kvadrat maydonga ega bo‘ladi va u 650 nafargacha mehmonni bir vaqtda qabul qilish imkonini beradi. Hozirgi kunda Oq uydagi eng katta rasmiy zal — Sharqiy xona 200 kishini sig‘dira oladi, bu esa yangi inshootning ko‘lamini yaqqol ko‘rsatadi.
Qurilish Oq uyning mavjud Sharqiy qanoti negizida amalga oshiriladi va u modernizatsiya qilinishi ham nazarda tutilgan. Levittning ta’kidlashicha, yangi zal Oq uy hududida chodirlar o‘rnatish zaruratini bartaraf etadi va rasmiy tantanalarni estetik va qulay sharoitda o‘tkazish imkonini yaratadi. Unga ko‘ra, «Prezident Tramp 150 yildan buyon yechilmay kelayotgan masalani amaliy hal etishga kirishdi»
.
Oq uy ma’muriyati rahbari Syuzi Uayls Trampni «tabiiy quruvchi» deb ta’rifladi. Uning fikricha, Tramp nafaqat ishbilarmon, balki estetik qurilish va meros masalalariga jiddiy yondashadigan rahbar sifatida faoliyat yuritmoqda. Ballar zali loyihasi Trampning 2026 yilda AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan rejalashtirilgan umummilliy tantanalar doirasidagi markaziy voqealardan biri bo‘ladi.
Tramp mazkur g‘oyani avvalroq 2025 yil may oyida ilk marta ommaviy ravishda tilga olgan va hozirda bir nechta yetakchi arxitektura byurosi bilan yakuniy dizayn ustida ish olib borilmoqda. Yangi zal nafaqat rasmiy uchrashuvlar, balki tarixiy ahamiyatga ega tantanali tadbirlar uchun ham foydalanilishi ko‘zda tutilgan.