01-08-2025 11:37
Farmon 31-iyul kuni imzolangan bo‘lib, 7-avgustdan kuchga kiradi. Qozog‘iston mahsulotlariga 25 foizlik import boji belgilangan. Eng yuqori tariflar Suriya (41 foiz), Laos va Myanma (40 foiz), shuningdek, Shveysariya (39 foiz) mahsulotlariga nisbatan qo‘llanadi.
Yevropa ittifoqi, Yaponiya va Janubiy Koreya uchun esa 15 foizlik qo‘shimcha boj joriy qilinadi. Ro‘yxatda ko‘rsatilmagan davlatlar uchun esa yagona 10 foizlik tarif amalda bo‘ladi.
Oq uyga ko‘ra, bu choralar “amerikalik ishchilarning manfaatlarini himoya qilish va global savdo tizimini qayta tashkil etish”ga qaratilgan.
Trampning To‘qayevga maktubi
AQSH prezidenti 7-iyul kuni Qozog‘iston rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayevga maktub yo‘lladi. Unda AQSH 1-avgustdan boshlab Qozog‘istondan import qilinadigan barcha mahsulotlarga 25 foizlik boj joriy qilayotganini bildirdi.
Tramp AQSH va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo aloqalarini muhim va barqaror deb atab, savdo balansidagi salbiy ko‘rsatkichlarga qaramay, hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini aytdi.
Qozog‘iston Savdo va integratsiya vazirligi bayonotiga ko‘ra, yangi bojlar AQSHga eksport qilinayotgan mahsulotlarning taxminan 95 foiziga ta’sir qilmaydi. Shuningdek, neft, uran, kumush, tantal va titan kabi asosiy xomashyo va strategik tovarlar bojdan ozod etilgan.
Qozog‘iston–AQSH o‘rtasidagi savdo hajmi
2024-yilda Qozog‘iston va AQSH o‘rtasidagi savdo hajmi 4,2 milliard dollarni tashkil etdi, bu 2023-yilga nisbatan 4 foizga ko‘pdir. Eksportning asosiy qismini neft (56,2%), uran (16,4%), kumush (12,2%), ferroqotishmalar (9,5%) va tantal mahsulotlari (0,89%) tashkil etmoqda.
2025-yilning yanvar–may oylarida ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 1,27 milliard dollarni tashkil etdi, shundan Qozog‘istondan AQSHga eksport 418 million dollarni tashkil qilgan.