31-07-2025 09:52
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi, DXX chegara qo‘shinlari, viloyat prokuraturasi va IIB JQB xodimlari hamkorligida Sirdaryo tumanida navbatdagi tezkor reyd o‘tkazildi.
“Sholikor” suv iste’molchilari uyushmasi hududida o‘tkazilgan reyd davomida Sirdaryo daryosining ushbu qismida fuqarolar B.X. va N.A. elektr qarmoq orqali baliq ovlayotgani aniqlandi.
Ular noqonuniy ovlangan 79 dona baliq va ov qurollarini Toshkent viloyati, Chinoz tumanidagi “Chinoz baliq bozori”ga olib ketishga uringan vaqtda to‘xtatib qolindi.
Holat bo‘yicha tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, tushuntirish xatlari olindi. Ov qurollari va baliqlar vaqtincha saqlash uchun olib qo‘yildi. Shuningdek, foydalanilgan transport vositasi MJtKning 291-moddasi “v” bandiga asosan jarima maydoniga joylashtirildi.
Noqonuniy ov natijasida “Hayvonot dunyosi to‘g‘risida”gi qonun buzilgan bo‘lib, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 973 million 125 ming so‘mni tashkil etdi.
Hujjatlar huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.