30-07-2025 13:16
Qayd etilishicha, 2025 yil 30 iyun kuni Rossiya Federatsiyasining Kamchatka o‘lkasi qirg‘oqlariga yaqin joyda joylashgan Tinch okeanida kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Zilzilaning epitsentri Petropavlovsk-Kamchatskiy shahridan 161 km janubi-sharqda, 32 km chuqurlikda joylashgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yer silkinishi 8,7 ball magnitudada bo‘lib, 1952 yildan buyon Kamchatka hududida qayd etilgan eng kuchli zilzilalardan biri hisoblanadi.
Mutaxassislar kelgusi bir oy davomida yana shunday kuchli zilzilalar sodir bo‘lishi ehtimoli haqida ogohlantirmoqda. Hozirda vaziyat Kamchatka o‘lkasidagi vakolatli xizmatlar tomonidan qat’iy nazoratga olingan.
Zilzila ortidan Kamchatka va Saxalin hududlarida joylashgan bir qator aholi punktlari uchun sunami xavfi e’lon qilindi. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholini suv sathidan balandroq joylarga ko‘chishga va dengiz sohillariga yaqinlashmaslikka chaqirmoqda.
Kamchatka o‘lkasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, zilzila vaqtida jabrlangan mahalliy fuqarolar shifokorlar nazoratida, barcha zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Jiddiy jarohatlanganlar aniqlanmagan.
"Mazkur tabiiy ofat natijasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasida jabrlangan yoki halok bo‘lganlar to‘g‘risida xabar kelib tushmagan.
O‘zbekiston Respublikasining Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi Kamchatka va Saxalin hududlarida vaqtincha bo‘lib turgan yurtdoshlarimizni Favqulodda vaziyatlar xizmati ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilishga va xotirjamlikni saqlashga chaqiradi.
Zarur holatlarda +7 (423) 260-48-00 va +7 (902) 078-70-07 telefon raqamlari orqali Bosh konsulxonaga murojaat qilishingiz mumkin", deyiladi xabarda.