23-06-2025 05:14
Qo‘shma Shtatlar Davlat departamenti xorijda yashayotgan yoki sayohat qilayotgan amerikalik fuqarolar uchun ogohlantirish e’lon qildi va Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat tufayli ularga yuqori darajada ehtiyotkorlik bilan harakat qilishni tavsiya qildi. Ogohlantirish butun dunyo bo‘ylab amal qiladi.
"Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro Yaqin Sharqda transport aloqalarining uzilishi va havo makonining vaqti-vaqti bilan yopilishiga olib keldi. Chet elda AQSh fuqarolari va manfaatlariga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tishi mumkin. Davlat departamenti butun dunyo bo‘ylab Qo‘shma Shtatlar fuqarolariga yuqori ehtiyotkorlikni saqlashni tavsiya qiladi", deyiladi Davlat departamenti saytida e’lon qilingan xabarda.
AFP agentligining ta’kidlashicha, ushbu xabarda Qo‘shma Shtatlarning Eron yadroviy obektlariga hujumlari haqida hech qanday ma’lumot berilmagan.