30-07-2025 06:08
Davlat rahbari qaroriga asosan, monopoliya bir yillik muddatga — 2026 yil 14 avgustgacha joriy etildi. Bu davrda barcha xususiy internet-provayderlar o‘z xalqaro trafik shartnomalarini «ElKat»ga topshirishi shart. Bundan maqsad — raqamli transformatsiyani yaxshilash va xalqaro ma’lumot almashinuvi tizimini markazlashtirish ekani aytiladi.
Bundan tashqari, hukumatga mamlakatdagi yirik internet operatori — «Aknet» kompaniyasidagi 100 foiz ulushni ham «ElKat»ga o‘tkazish vazifasi yuklatilgan. Shunday qilib, bozordagi ikki asosiy ishtirokchi davlat nazoratiga o‘tadi.
Monopoliya bilan bir vaqtda Japarov internetda pornografiya tarqatilishini cheklash to‘g‘risidagi qonunni ham imzoladi. Unga ko‘ra, axloq va ma’naviyatga zid kontent tarqalishi aniqlangandan so‘ng, provayderlar ushbu saytlarga ikki oygacha blok qo‘yishi shart. Qonun rasman e’lon qilinganidan 10 kun o‘tib kuchga kiradi.
Ushbu tashabbus ilk bor 2024 yilda muhokama qilingandi. O‘shanda «Qirg‘iztelekom» kompaniyasiga monopoliya berish taklifi bildirilgan, ammo Aloqa operatorlari assotsiatsiyasi (AOS) bunga qarshi chiqqan. Ularga ko‘ra, bunday choralar raqobatni cheklaydi, muqobil yo‘llarni yo‘qqa chiqaradi va internet narxlarining o‘sishiga olib keladi.
2022 yilga kelib, Qirg‘izistonda 340 ta telekommunikatsiya kompaniyasi faoliyat yuritgan. AOS bildirishicha, liberal siyosat internet sifatini oshirgan va narxlarni barqaror saqlab turgan. Yangi qaror esa butun xalqaro trafikni davlat nazoratiga olib chiqadi va buning oqibatlari oldindan baholanmagan.