29-07-2025 09:18
OpenAI kompaniyasi bosh direktori Sem Altman o‘z chiqishida ChatGPT bilan yozishmalar shifokor, advokat yoki terapevt bilan muloqot kabi huquqiy himoyaga ega emasligini ma’lum qildi. U bu fikrlarni AQSHdagi mashhur podkastlardan birida bildirgan.
Altman ta’kidlashicha, agar foydalanuvchi ChatGPT’da shaxsiy, moliyaviy yoki psixologik ma’lumotlarni bayon etsa, keyinchalik sud jarayonida OpenAI ushbu ma’lumotlarni taqdim etishga majbur qilinishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muammoni hal etish uchun qonunchilik asoslarini ishlab chiqish zarur va siyosatchilar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bu masala yuzasidan AQSH Federal sudi iyul oyida muhim qaror chiqardi: OpenAI kompaniyasi foydalanuvchilarning barcha chat jurnallarini, jumladan, o‘chirilgan yoki vaqtinchalik deb belgilanganlarini ham saqlab qolishi shart. Ushbu qaror The New York Times gazetasi tomonidan berilgan mualliflik huquqi bo‘yicha da’vo doirasida qabul qilingan.
OpenAI avval foydalanuvchi chatlari 30 kun ichida avtomatik ravishda o‘chirib tashlanishini va modelni o‘qitishda foydalanilmasligini va’da qilgan edi. Ammo yangi sud qarori bu amaliyotni bekor qilgan holda, ularni potensial dalil sifatida saqlashni majburiy etib belgiladi.
Huquqshunoslar buni sud amaliyotidagi odatiy holat deb baholamoqda. Biroq inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bu raqamli platformalarga nisbatan ishonchni zaiflashtirishi va maxfiylik siyosati foydalanuvchilarni sudda himoya qila olmasligini ko‘rsatmoqda, deya xavotir bildirishmoqda.
Sem Altman, shuningdek, sun’iy intellektning keng tarqalishi global kuzatuv darajasini oshirishini ham ta’kidladi. U davlatlar jamoat xavfsizligi bahonasida shaxsiy ma’lumotlar ustidan nazoratni kuchaytirishi mumkinligidan ogohlantirdi.