29-07-2025 04:41
Shu ma’noda, neftni saqlash obyektlarida nafas olish gazlarini utilizatsiya qilish tizimini joriy etish mamlakatda amalga oshirilayotgan “yashil” iqtisodiyot sari muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Bu orada erishilgan natijalar haqida Sanoat energetika guruhi bosh direktori o‘rinbosari Azizbek Nazarov quyidagilarni ma’lum qildi:
– Yaqinda biz "Qarshi" va "Muborak" neftni saqlash obyektlarida nafas olish gazlarini utilizatsiya qilishning zamonaviy tizimini joriy etishni yakunladik.
Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida uchuvchan organik birikmalar chiqindilarini sezilarli darajada kamaytirish, neft mahsulotlari yo‘qotishlarini minimallashtirish hamda saqlash obyektlarining sanoat xavfsizligini oshirishga erishildi. Yangi yondashuv atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro standartlarga javob beradi va kompaniyaning uglerod izini yiliga 160 ming tonnadan ortiq SO₂ gacha kamaytirishga yordam beradi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, nafas olish gazlari uglevodorodlarning bug‘lari bo‘lib, rezervuarlarda haroratning o‘zgarishi natijasida ("kichik nafas olish") va neftini quyish yoki to‘kish jarayonlarida ("katta nafas olish") hosil bo‘ladi. Agar bu jarayonlarda ixtisoslashtirilgan yechimlar qo‘llanilmasa, yiliga 8 million metr kubdan ortiq bug‘ yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Bu esa atmosferaga chiqariladigan 160 ming tonnadan ortiq SO₂ ekvivalentiga teng. Bunday miqdorni neytrallash uchun kamida 7 milliondan ortiq daraxt ekish talab etiladi.
Aynan shu yo‘qotishlarni bartaraf etish maqsadida nafas olish gazlarini yig‘ish va utilizatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi ishlab chiqildi. Ushbu texnologik yechim rezervuarlardan bug‘larni germetik ravishda chiqarish, ularni tashish uchun yer osti quvurlari hamda yig‘ilgan gazlarning 99 foizgacha utilizatsiyasini ta’minlaydigan zamonaviy mash’ala qurilmasini o‘z ichiga oladi. Bug‘lar endi tutib qolinib, nazoratli va ekologik xavfsiz usulda yoqiladi.
Loyihani ishlab chiqish va texnik jihatdan loyihalash ishlari GRDC (Geo Research & Development Company) tomonidan amalga oshirildi. Moliyalashtirish va investitsiyaviy qo‘llab-quvvatlash esa issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan global dastur doirasida Shveysariyaning "VEMA Carbon" kompaniyasi tomonidan ta’minlandi.
Mazkur tashabbus ishlab chiqarish aktivlarini dekarbonizatsiya va modernizatsiya qilishga qaratilgan uzoq muddatli dasturning bir qismi hisoblanadi. ESG tamoyillari asosida barqaror yechimlarni joriy etish orqali energetika sohasida xalqaro talab va trendlarga mos harakat qilinmoqda.