Rossiyada qarovsiz qolgan 14 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi
09.09.2024 10:49
Rossiyada ota-onasi va qonuniy vakillari mavjud bo‘lmagan O‘zbekistoning 14 nafar voyaga yetmagan fuqarosi mamlakatga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh konsulxona vakillari tomonidan O‘zbekiston Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamda Sankt-Peterburgdagi voyaga yetmaganlarni vaqtincha parvarishlash va saqlash muassasasining mas’ul xodimlari bilan hamkorlikda ota-onasi va qonuniy vakillari mavjud bo‘lmagan, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj 14 nafar O‘zbekiston fuqarosi ortga qaytarildi.
Aksariyat bolalarning ota-onalari muqaddam Rossiya hududida bo‘lish tartibini buzganligi sababli mamlakatdan chiqarib yuborilgan. Bosh konsulxonada ular uchun o‘z mamlakatiga qaytish guvohnomalari rasmiylashtirildi va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimlariga topshirildi.
“Sankt-Peterburg davlat byudjet tashkiloti yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni saqlash markaziga o‘zbekistonlik bolalarga ko‘rsatgan g‘amxo‘rligi va yaqindan hamkorligi uchun alohida minnatdorlik bildirildi”, deyiladi xabarda.