22-06-2025 10:53
Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov ko‘p milliard dollarlik boyligini 100 dan ortiq farzandi o‘rtasida taqsimlashini aytdi. Bu haqda Fransiyaning Le Point jurnalidagi Durov intervyusiga asoslanib, Euronews xabar bergan.
Durov hozir Telegram platformasining yagona aksiyadori hisoblanadi va u donor spermadan tug‘ilgan barcha bolalari «bir xil huquqlarga» ega bo‘lishini istaydi.
Tadbirkorning iddao qilishicha, uning donor spermasi yordamida 12 ta davlatda 100 dan ortiq bola dunyoga kelgan. Bundan tashqari, Durov uch ayoldan tug‘ilgan olti farzandning rasmiy otasi hisoblanadi.
Pavel Durovning qo‘shimcha qilishicha, uning farzandlaridan hech biri yana 30 yil davomida meros ololmaydi.
«Men ular oddiy odamlardek yashashini, o‘z karerasini qurishini, o‘ziga ishonishni o‘rganishini, ijod qila olishini va bank hisobiga qaram bo‘lmasligini istayman», deb tushuntirgan u.
Durov tomonidan asos solingan Telegram platformasi oylik milliard foydalanuvchiga ega. Uning boyligi 15-17 milliard dollarga baholangan.