28-07-2025 05:16
Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan qarorga muvofiq, «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan ijtimoiy yordam ko‘rsatish mexanizmi takomillashtirildi. Unga ko‘ra, oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 2 baravarigacha bo‘lgan oilalardagi ayollarning uy-joy holati maxsus ishchi guruh tomonidan o‘rganiladi va zarur hujjatlar rasmiylashtiriladi.
Byudjet hisobidan ayollar uyini ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan qurilish materiallarini yetkazib beruvchi tashkilotlarga «Ayollar daftari» jamg‘armasi orqali shartnoma asosida BHMning 50 baravarigacha — 20,6 mln so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi. Bunda BHMning 1-avgustdan boshlab 412 ming so‘m etib belgilangani asos bo‘lib xizmat qiladi.
Uy ta’miri amalga oshiriladigan paytda ishlar sifati tuman va shahar hokimliklarining qurilish bo‘limlari hamda sektor rahbarlari tomonidan nazorat qilinadi. Maqsad — mablag‘lardan samarali va maqsadli foydalanishni ta’minlash.
Shuningdek, kambag‘al oilalardagi xotin-qizlarga uy ijara to‘lovlarining 50 foizi to‘lab beriladi. Bu miqdor BHMning 2 baravarigacha (824 ming so‘m), Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida esa 3 baravarigacha (1,23 mln so‘m) yetishi mumkin.