28-07-2025 05:07
Lazer texnologiyalari ilk bor 1960-yillarda AQSH tomonidan sinovdan o‘tkazilgan, biroq ularning harbiy texnikani yo‘q qilish uchun zarur energiya quvvati — megavattlar darajasida yetarli emasligi sababli keng qo‘llanilmagan. Ammo dronlar paydo bo‘lishi bilan bu to‘siq bartaraf etildi: lazerlar endi kichik va o‘rta o‘lchamdagi pilotsiz parvoz qurilmalarini yo‘q qilish imkoniga ega.
Dunyo bo‘ylab qator mamlakatlar — jumladan, Rossiya, Ukraina, Isroil va Xitoy — o‘z lazer qurollarini sinab ko‘rmoqda yoki ularni ishlab chiqmoqda. 2024 yil iyun oyida Rossiya hukumati bir necha turdagi lazer tizimlarini sinovdan o‘tkazganini ma’lum qildi. Ushbu qurilmalar statsionar va mobil platformalarga joylashtirilgan bo‘lib, kichik dronlardan tortib yirik uchuvchisiz apparatlargacha urib tushirishi mumkin.
Ukraina ham «Trizub» deb nomlangan o‘z lazer quroliga ega ekanini ma’lum qilgan. Ukrain harbiylari uni samolyotlarni urish qobiliyatiga ega, deb baholamoqda. Shuningdek, Isroilda mashhur «Temir gumbaz» havo himoya tizimi asosida «Temir nur» (Iron Beam) nomli lazer qurollari ishlab chiqilmoqda. Xitoy ham bu sohada izlanishlar olib bormoqda.
Lazer qurollarining asosiy ustunligi — otishning arzonligi. Misol uchun, britaniyaliklar tomonidan yaratilgan Dragonfire lazeri har bir otish uchun bir necha dollar sarflaydi. Biroq uskunaning o‘zi 100 mln funt-sterling turadi. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi bu tizimni Ukrainaga yetkazish ehtimoli borligini bildirgan.