28-07-2025 05:03
Energetika vazirligi matbuot kotibi ma’lum qilishicha, 24 iyul kuni «Wind and Solarshine for Electricity Distribution Panels Manufacturing» MCHJ hamda «China Energy International Group» o‘rtasida umumiy qiymati katta bo‘lgan uchta strategik kelishuv imzolandi. Ular «yashil» energetikani kengaytirish va respublika energetika tizimini zamonaviylashtirishni maqsad qiladi.
Birinchi shartnoma Buxoro viloyatining Peshku tumanida 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatishni nazarda tutadi. Loyiha mintaqadagi eng yiriklaridan biri bo‘lib, yuz minglab aholi xonadonlarini toza energiya bilan ta’minlashi kutilmoqda.
Ikkinchi shartnoma Toshkent shahrida 100 MVt quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi loyihasi yuzasidan maslahat xizmatlarini o‘z ichiga oladi. Bu turdagi ombor tizimlari ortiqcha energiyani saqlash va zarur paytda elektr tarmoqlariga uzatish imkonini beradi.
Uchinchi kelishuv EPC formatida bo‘lib, ushbu loyihalar bo‘yicha qurilish ishlarini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Energetika vazirligiga ko‘ra, bu kelishuvlar O‘zbekistonning barqaror energiya siyosati va kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha milliy dasturidagi muhim bosqichlardan biri hisoblanadi.