28-07-2025 04:50
OpenAI avgust oyida GPT-5 deb nomlangan yangi avlod neyrotarmoq modelini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Verge nashri xabar berdi. Yangi platforma uchta turda taqdim etiladi: GPT-5 main, GPT-5 mini va GPT-5 nano.
GPT-5 main — eng kuchli versiya bo‘lib, ChatGPT’ning asosiy foydalanuvchilari hamda API orqali xizmat ko‘rsatuvchilar uchun mo‘ljallangan. GPT-5 mini esa optimallashtirilgan, kamroq resurs talab qiluvchi variant sifatida, ChatGPT va API uchun chiqariladi. Yengilroq GPT-5 nano faqat API orqali taqdim etiladi va asosan kichik qurilmalarda foydalanish uchun mo‘ljallangan.
Shu bilan birga, GPT-o seriyasi to‘xtatiladi. OpenAI bu qarorni yangi GPT-5 modellariga asosiy funksiyalar — xususan, murakkab xulosa chiqarish qobiliyatini o‘tkazish va turli modellar orasidagi chalkashlikni bartaraf etish maqsadida qabul qilgan.
Microsoft, o‘z navbatida, yangi neyrotarmoq imkoniyatlarini ta’minlash uchun server infratuzilmasini kengaytirishni boshladi. Bu, analitiklar fikricha, GPT-5’ni keng qamrovli tadbiq qilish uchun muhim qadam bo‘ladi.