Qayd
etilishicha, mavjud qonunchilikka muvofiq, davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinishi, bunda, pensiyaga chiqish huquqi paydo bo‘lgan chog‘ida ishlamaydigan fuqarolarga o‘zlarining mehnat daftarchalaridagi mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilish orqali “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritish xizmati joriy etilishi belgilangan.
Arxiv ma’lumotlari talab etilmasdan ish staji va ish haqi miqdori qanday aniqlanadi?
“O‘zarxiv” agentligi axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyevning ma’lum qilishicha, 2005-2016-yillar davri uchun – jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga majburiy badallar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, 2016-2018-yillar davri uchun – fuqarolarning Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestri ma’lumotlari, 2019-yil uchun – fuqarolarning ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestri ma’lumotlari hamda 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun – Yagona milliy mehnat tizimi Idoralararo dasturiy apparat kompleksidagi mavjud ma’lumotlar asosida ish staji va ish haqi miqdori aniqlanadi.
Ushbu davrlar uchun arxiv ma’lumotlaridan faqat axborot tizimlarda zarur ma’lumotlar mavjud bo‘lmaganda, noaniq ma’lumotlar mavjud bo‘lganida Pensiya jamg‘armasi bo‘limining so‘rovi yoki fuqaroning murojaati asosida foydalanishi mumkinligi belgilangan.
Pensiya tayinlashda axborot tizimlarida zarur ma’lumotlar mavjud bo‘lmaganda, Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yagona portalda (arm.gov.uz) ochilgan shaxsiy kabinet orqali Idoralararo integratsiyalashgan platforma yordamida yo‘llagan so‘rovi asosida “my.archive.uz” dasturi orqali QR-kodli arxiv ma’lumotnomalari elektron shaklida taqdim etiladi.