Toshkent metrosida yo‘lovchilar 1 millionga yaqinlashdi
08.09.2024 11:53
Yozgi mavsumda metropoliten bir kunda 550-600 ming yo‘lovchini tashigan bo‘lsa, o‘quv jarayonlari boshlangach, bu ko‘rsatkich 920-930 ming nafargacha yetishi, oktyabr va noyabr oylarida esa 1 millionni tashkil etishi kutilmoqda.
Shu sababli, yo‘lovchilar uchun qulay sharoit yaratish va ehtimoliy tirbandliklarning oldini olish maqsadida bir qancha tadbirlar amalga oshirilmoqda. Joriy yil davomida metropoliten uchun 14 ta zamonaviy harakat tarkibi xarid qilindi. Natijada tig‘iz vaqtlarda yo‘nalishlar bo‘yicha intervallar quyidagicha qisqartirildi:
Chilonzor yo‘nalishi: 1,5–2 daqiqa;
O‘zbekiston yo‘nalishi: 4 daqiqa;
Yunusobod yo‘nalishi: 4–5 daqiqa;
Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishi: 8–9 daqiqa.
Bundan tashqari, zaxira poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilgan. Metro bekatlaridagi yuklamalarni kamaytirish maqsadida, metro yaqinidagi 27 ta oliy ta’lim muassasalarida darslar boshlanish vaqti turlicha belgilandi.