Qirgʻiziston-Oʻzbekiston chegarasidagi nazorat-oʻtkazish punktlari qayta ochiladi
07.09.2024 19:39
6-sentyabr kuni Qirgʻiziston prezidentining Oʻsh viloyatidagi maxsus vakili Elchibek Jantayev, shahar hokimi va rasmiylar nazorat-oʻtkazish punkti va rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi. Bu haqda Turmush.kg xabar berdi.
Elchibek Jantayevga koʻra, “Qora-Suv” foydalanishga topshirilsa, Andijon va Oʻsh oʻrtasidagi eng yirik “Doʻstlik” nazorat-oʻtkazish punktida yuklama kamayadi. Shuningdek, rekonstruksiya ishlari doirasida “Qorasuv” nazorat-oʻtkazish punktigacha boʻlgan yoʻllar ham kengaytirildi.
Qirgʻiziston rasmiylari 14 yil oldin yopilgan nazorat punkti ochilishga tayyor ekanini aytgan. Hozircha ikki mamlakat fuqarolari rasman qachondan ushbu punkt orqali harakatlanishi mumkinligi aytilmagan.
Bundan tashqari, qoʻshni mamlakat rasmiylari “Intimaq” nazorat-oʻtkazish punktiga tashrif buyurgan. Bu yerdagi Shahrixonsoy daryosi ustidagi koʻprik qayta tiklanmoqda. Koʻprik orqali ikki mamlakat avtomobillari harakatlanishi mumkin boʻladi. “Intimaq” nazorat-oʻtkazish punkti 2004-yildan buyon yopiq edi.
Maʼlumot uchun, qirgʻiz rasmiylari tilga olgan ikkala nazorat oʻtkazish punkti ham Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumani bilan chegaradosh. Bu punktlarning muhimligi chegaraga yaqin hududda (taqriban 2 km) Oʻsh viloyatidagi eng yirik Qorasuv bozori joylashgan ekanida.
Oʻzbekiston tarafi hozircha chegara punktlarining ochilishi borasida izoh bermadi.