Talabalar uchun kontrakt to‘lovini to‘lash muddati belgilandi
07.09.2024 13:36
Talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar 2024 yil 15 sentyabrgacha yoki O‘zbekiston ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatgacha belgilangan to‘lov miqdorining kamida 25 foizini to‘lashi kerakligi eslatib o‘tildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun 2024-yil 1-oktyabrgacha yoki oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) tomonidan uzaytiriladigan muddatgacha belgilandi.
To‘lov miqdorining kamida 50 foizini 2025-yil 1-yanvargacha, 75 foizini 2025-yil 1-martgacha va 100 foizini 2025-yil 1-maygacha yoki OTM rektori (direktori) tomonidan uzaytiriladigan muddatgacha to‘lash lozim.
Ma’lumot uchun 2024-2025-o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari o‘tgan yilgi bilan solishtirilganda 15 foizga oshirilgan. To‘lov kontrakt miqdorlari 4 yildan buyon oshirilmay kelinayotgan edi.