24-07-2025 07:29
“Artilleriya snaryadi odamlarning uylariga tushdi. Ikki kishi halok bo‘ldi”, degan Surin viloyatidagi Kabchiyeng tumani rahbari Suttirot Charo‘ntanasak “Reuters” agentligiga.
U buni Kambodja tomonidan amalga oshirilgan o‘q uzish deb tasvirlagan. Charo‘ntanasak tuman hokimiyati chegaraga yaqin 86 qishloqdan 40 000 nafar fuqaroni xavfsiz joylarga ko‘chirganini qo‘shimcha qildi.
Tailand armiyasi ma’lum qilishicha, Kambodja ibodatxona yaqinidagi hududga og‘ir qurollangan askarlarni jo‘natishdan oldin kuzatuv dronini ishlatgan.
“Kambodja harbiylari o‘q uzgan va ikki nafar tailandlik askar yaralangan”, deb xabar berdi Tailand armiyasi matbuot kotibi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kambodja raketa uchirgichlar kabi bir necha turdagi qurollardan foydalangan.
Kambodja Mudofaa vazirligi vakili esa Tailand harbiylari tomonidan hech qanday sababsiz hududga bostirib kirilganini va kambodjalik askarlar faqat o‘zini himoya qilish maqsadida javob qaytarganini ma’lum qildi.
Tailand bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Pxumtam Vechayachay bu vaziyatni nozik deb baholadi.
“Biz ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak. Biz xalqaro huquqqa amal qilamiz”, dedi u jurnalistlarga.
Shu hafta Tailand Kambodjani bahsli hududda mina o‘rnatganlikda aybladi, buning oqibatida uch nafar askar jarohat olgan. Kambodja bu ayblovni rad etdi va askarlar kelishilgan yo‘nalishdan chiqib ketib, o‘tmishdagi urushlardan qolgan minaga tushib ketganini bildirdi.
“Kambodjada o‘nlab yillar davom etgan fuqarolik urushidan qolgan millionlab mina bor”, deya qayd etishadi minadan tozalash tashkilotlari.
Ammo Tailand chegaradagi mina yaqinda qo‘yilgan deb hisoblaydi. Kambodja esa buni asossiz ayblovlar, deb atadi.
Biroq har ikki tomon bugun, 24-iyul kuni Tailandning F-16 jangovar qiruvchi samolyoti Kambodja hududidagi nishonlarga bomba tashlaganini ma’lum qildi. Chegara bo‘yicha tortishuv tufayli bir necha haftangi keskin vaziyat to‘qnashuvlarga aylanib ketdi, hozirgacha kamida ikki nafar fuqaro halok bo‘ldi. Har ikki davlat ham to‘qnashuvni birinchi bo‘lib boshlaganlikda bir-birini aybladi.
“Biz reja bo‘yicha harbiy nishonlarga nisbatan havo kuchlarini ishlatdik”, dedi Tailand armiyasi matbuot kotibi o‘rinbosari Richa Suksuvanon jurnalistlarga.
Shu bilan birga, Tailand Kambodja bilan chegarani yopdi.
Kambodja Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, Tailand uchoqlari yo‘lga ikki bomba tashlagan. Kambodja bunday harakatni “Tailand Qirolligining Kambodja suvereniteti va hududiy yaxlitligiga nisbatan behisob va vahshiy harbiy tajovuzi” sifatida keskin qoraladi.
Bu to‘qnashuvlar Tailand kecha, 23-iyul kechasi o‘z elchisini Kambodjadan chaqirib olganidan va Bangkokdagi Kambodja elchisini mamlakatdan chiqarish niyatida ekanini ma’lum qilganidan so‘ng boshlandi. Bu qaror hafta davomida ikkinchi tailandlik askar tortishuvli hududda yangi o‘rnatilgan deb gumon qilingan minani bosib, oyog‘ini yo‘qotganidan keyin qabul qilindi.
Tailand Tashqi ishlar vazirligi bugun, 24-iyul kuni ertalab Kambodja qo‘shinlari Tailand harbiy bazasiga og‘ir artilleriya bilan o‘q uzgani va fuqarolik obyektlari, jumladan shifoxonani nishonga olganini ma’lum qildi. Bu hodisa fuqarolar orasida ham qurbonlarga sabab bo‘lgan.
“Kambodja qurolli hujumlar va suverenitetimizga bo‘lgan tajovuzlarni davom ettirar ekan, Tailand qirolligi hukumati o‘zini himoya qilish choralarini yanada kuchaytiradi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Tailandning chegarada joylashgan Surin viloyatida bolalar va qariyalar beton, qum qoplari va avtomobil shinasi bilan mustahkamlangan panohgohlarga qochishdi.
“Qancha marta o‘q uzildi? Sanog‘i yo‘q”, dedi Thai Public Broadcasting Service (TPBS) telekanaliga noma’lum ayol panohgohda yashirinib turganida. Fonda esa o‘q uzish va portlash tovushlari eshitilib turgan edi.
Kambodja Tashqi ishlar vazirligi Tailand havo hujumlarini "hech qanday sababsiz" deb baholadi va qo‘shni davlatni o‘z kuchlarini olib chiqishga hamda vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin bo‘lgan har qanday tajovuzkor harakatlardan tiyilishiga chaqirdi.
Ma’lumot uchun, 100 yildan ortiq vaqtdan beri Tailand va Kambodja 817 km uzunlikdagi yer chegarasining aniq belgilanmagan nuqtalarida hududiy da’volar bilan tortishib keladi. Bu turli yillarda to‘qnashuvlarga, shu jumladan 2011 yilda bir hafta davom etgan artilleriya almashinuvi paytida o‘nlab qurbonlarga olib kelgan. 2024 yil may oyida kambodjalik askar otishma paytida halok bo‘lganidan so‘ng keskinlik yana kuchaydi va bu diplomatik inqirozga, endi esa to‘liq qurolli to‘qnashuvlarga olib keldi.