24-07-2025 05:54
O‘tgan yili ozarbayjonlik ishbilarmon Emin Agalarov Toshkent viloyatining Chorvoq suv ombori bo‘yida joylashadigan “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazi loyihasini taqdim etgan edi. 500 gektardan ziyod maydonda dam olish maskanlari, plyajlar, sport maydonchalari, mehmonxonalar, turar joy majmualari va boshqalarni o‘z ichiga oladigan loyiha yuzasidan jamoatchilikda turli savollar tug‘ila boshladi.
Jumladan, mazkur loyiha hudud infratuzilmasi, tabiati va Chorvoq suvlariga qanday ta’sir etishi mumkinligi yuzasidan turlicha qarashlar shakllana boshladi.
Mazkur vaziyat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda boshqa qator vazirlik va idoralar vakillari aholidan va jurnalistlardan kelgan savollarga ochiq muloqot orqali javob qaytardi.
Darhaqiqat, yurtimiz tabiatiga g‘amxo‘rlik, bu borada jamoatchilikning nazorati hamisha muhim sanalgan. Ammo kezi kelganda tan olish joizki, Chorvoq suv ombori atrofidagi dam olish hududlarida ko‘ngildagidek sharoitlar yaratilmagan. Tabiatga aholi tomonidan ijobiy yondashuvlar qilinmayapti. Hududning sof havosi, qirg‘oqdagi holatlar qoniqarli ko‘rinish bermaydi. Boisi dam oluvchilar tomonidan chiqindilar nazorat tadbirlariga qaramay, tashlanaveradi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri ayni holatlarga e’tibor qaratar ekan, bunday vaziyatda hududni zamonaviy ko‘rinishdagi dam olish maskaniga aylantirish muhimligini ta’kidladi. Ozarbayjonlik ishbilarmon Emin Agalarovning loyihasi yuzasidan esa tasdiqlanmagan xabarlar va savollarga batafsil javob qaytardi.
– Chorvoq suv ombori hududida ilgaridan katta-katta dam olish maskanlari, qurilishlar amalga oshirib kelingan. Bu jarayonlar hudud rivojiga sabab bo‘ladi. Ammo bugungi taklifimiz – kerakli joylarda dam olish hududini tashkil etib, atrofda boshqa qurilishlarga moratoriy e’lon qilish, kerak bo‘lsa, qonun bilan tartibga solish lozim. Buning uchun avvalo o‘zimiz zamonaviy dam olish maskanlarini tashkil etib qo‘yishimiz kerak. Shunda har kim u yerda o‘zicha qurilishlarni qilavermaydi. “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazi loyihasiga keladigan bo‘lsak, bu loyiha hali rasmiy ravishda kelgani yo‘q, og‘zaki berildi. Bu borada hujjat kelsa, albatta, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yamiz. Uning qurilishi, sotuv bo‘limi tashkil etilgani bilan bog‘liq rasmiy xabarlar yo‘q. Buni jurnalistlarning o‘zi ham surishtirish imkoniga ega, – dedi vazir Aziz Abduhakimov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda aholimizning xorijga borib dam olishlari ortidan yurtimizdan 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ chet davlatlarga chiqmoqda. Bu arzon va sifatli dam olish maskanlariga bo‘lgan ehtiyojning ortib borayotganidan dalolat. Aslida xorijlik investorlarning yurtimiz hududida yangicha zamonaviy dam olish maskani barpo etishga ixlosi ortib borayotganining o‘zi quvonarli.
Tadbirda mutasaddilar shaharlar ko‘rki uchun ekilayotgan va tezda sifatsiz holga kelib, ko‘p suv sarflanayotgan gazon o‘simligi, atmosferaga zararli moddalarni yashirin ravishda chiqarayotgan korxonalar va boshqa ekologiya masalalarga oid ko‘plab savollarga atroflicha javob qaytardi.