23-07-2025 05:57
Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab anomal issiq ob-havo kuzatilmoqda. Jazirama hafta davomida saqlanib turishi prognoz qilinyapti.
Albatta, bunday paytda quyoshdan himoyalanish muhim. Ayniqsa, yuqori darajadagi ultrabinafsha nurlari allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi bilan xavfli.
Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova shu haqda ma’lumot berdi.
— Bunday sharoitda terining quyosh nuriga ta’sirchanligi oshadi, — deydi mutaxassis. — Shu tufayli fotodermatoz kasalligi yuzaga kelishi mumkin. Ya’ni ultrabinafsha nurlanish teri yoki inson tanasidagi har qanday modda bilan o‘zaro ta’sirga kirishib, allergik reaksiya paydo qilishi ehtimoli yuqori.
Fotodermatoz ko‘krakning yuqori qismi, bo‘yin, qo‘l sohalarida pufakcha, qavariq, qizil dog‘, kuyish ko‘rinishidagi turli toshmalar, ba’zan terining qipiqlanishi, qichishishi va shishlar yuzaga kelishi bilan namoyon bo‘ladi.
Toshmalar quyosh nuri ta’sir qila boshlagan ilk soatlardan to bir hafta mobaynida hosil bo‘ladi.
Bu xastalik alomatlari, odatda, muolajalardan so‘ng yo‘qoladi. Biroq u surunkali tus olishi ham mumkin.
Shunday muammolardan saqlanish uchun, avvalo, soat 10:00 dan 16:00 gacha soya-salqin joylarda bo‘lish tavsiya etiladi. Imkon qadar yopiqroq kiyinish zarur.
Ta’sirchan teri uchun mo‘ljallangan quyosh nuriga qarshi kremlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
Ba’zi dorilar fotodermatozni keltirib chiqarishi yoki xastalikni kuchaytirishi kuzatiladi. Shu bois preparatni qo‘llashdan oldin ko‘rsatmalarni diqqat bilan o‘qish yoki shifokor bilan maslahatlashish kerak.
Shuningdek, Eritromitsin, Tetratsiklin va Streptomitsin kabi dorilar ultrafinafsha nurlarini tortish xususiyatiga ega. Ushbu malhamlarni qabul qilgan yoki yuz sohalariga surtgan bemorlarga issiq kunlarda kunduzi ko‘chaga chiqishlari tavsiya etilmaydi.
Agar sizda fotodermatoz belgilari paydo bo‘lsa, Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududiy filiallariga murojaat qilishingiz mumkin.