Hisobot davrida markaziy banklar tomonidan sof xaridlar ikki baravar koʻpayib, 37 mln dollarga yetdi. Polsha Milliy banki yetakchi xaridor boʻlgan boʻlsa, undan keyingi oʻrinlarni Oʻzbekiston Markaziy banki va Hindiston Zaxira banki egalladi.
World Gold Council Markaziy banklarning oltinga boʻlgan talabi kelgusi oylarda davom etishini prognoz qilmoqda.
Iyul oyida yettita markaziy bank oʻz zaxiralariga bir tonna yoki undan koʻproq oltin qoʻshgan, faqat Qozogʻiston Markaziy banki oʻzining oltin zaxiralarini qisqartirdi.
Polsha Milliy banki eng yirik xaridor boʻlib, oʻz zaxiralariga sof 14 tonna oltin qoʻshdi, bu 2023-yil noyabridan beri eng yuqori oylik oʻsishdir. Bu xarid uning oltin zaxiralarini 392 tonnagacha yoki umumiy zaxiralarning 15 foizi miqdorigacha koʻtardi.
Oʻzbekiston Markaziy banki 9,6 tonna oltin sotib oldi va oʻz oltin zaxiralarini 375 tonnagacha yetkazdi. Oʻtgan oydagi oltin xaridi hajmi 9 tonna boʻlgandi.
Haftalik maʼlumotlarga asoslangan hisob-kitoblar shuni koʻrsatadiki, Hindiston zaxira bankining oltin zaxiralari iyul oyida 5 tonnaga koʻtarildi, yaʼni bank bu yil shu paytgacha har oy oltin sotib oldi. Yanvar-iyul oylarida Hindistonning sof oltin xaridlari jami 43 tonnani tashkil etib, zaxiralari 846 tonnagacha koʻtarildi.
Bundan tashqari, iyulda Iordaniya, Turkiya, Qatar va Chexiya ham oltin sotib olgan.
Qozogʻiston Markaziy banki iyul oyida yagona sotuvchi boʻlgan. Uning oltin zaxirasi 4 tonnaga kamaydi, bu esa uning oltin zaxiralarini 295 tonnagacha yoki umumiy zaxirasini 55 foizgacha qisqartirdi.
“Oltin narxining koʻtarilishi bu yil markaziy banklarning oltin talabiga qandaydir taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa-da, sof oltin sotib olishning uzoq davom etgan tendensiyasi saqlanib qolmoqda”, – deyiladi WGC maʼlumotida.
Jahon oltin kengashi oʻtkazgan soʻnggi soʻrov natijalariga koʻra, oltin narxi oshgan boʻlsa-da, uni sotib olishga talab kamaymasligi mumkin. Buning asosiy sabablari oltinning qiymat ombori sifatidagi roli va inqiroz davridagi ahamiyati bilan bogʻliq.
Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonning rasmiy zaxira aktivlari iyul oyida 1,06 milliard dollarga oʻsgan holda, 1-avgust holatiga koʻra 37,4 milliard dollarni (+2,9 foiz) tashkil etdi. Zaxiralardagi oltinning fizik hajmi yana 310 ming troya unsiyaga (9,64 tonna, iyun oyida 9,3 tonnaga oʻsgan) oshib, 12,05 million troya unsiyaga (374,8 tonna) yetgan.
Manba: Kun.uz