23-07-2025 05:18
Durovning ta’kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda Telegram’da noyob sovg‘alar, virtual raqamlar va foydalanuvchi linklarining narxi sezilarli darajada oshgan. Ayrim hollarda bu aktivlar 100 ming dollardan ortiq summaga sotilmoqda. Biroq u bu tendensiyaning «qorong‘i tomoni» ham borligini qayd etdi — shantaj va tahdidlar ko‘paygan.\
Ayniqsa, ba’zi foydalanuvchilardan noyob raqamlar yoki akkauntlarini berish talab qilinayotgani, ayrim kanallar esa shaxsiy ma’lumotlar yoki obunachilar obro‘siga zarar yetkazuvchi kontentni tarqatish bilan tahdid qilib, pul talab qilayotgani aniqlangan.
Durov bu holatni «noqonuniy va g‘ayriaxloqiy» deb baholadi. U Telegram’da bunday amaliyotlarga o‘rin bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, u shantaj qurboni bo‘lganlarni shaxsan o‘ziga murojaat qilishni taklif qildi. Biroq bitta bunday shaxsiy xabar jo‘natish uchun 5000 yulduz (taqriban 1,16 mln so‘m) to‘lash talab etiladi.
Shu sababli Durov pul to‘lash imkoniyati bo‘lmaganlarga @notoscam manzili orqali #blackmail (#shantaj) heshtegi bilan maxsus jamoaga murojaat qilishni tavsiya qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaxsiy akkauntida haddan ziyod xabarlar oqimi tufayli bepul qabulni qayta faollashtirish imkoni yo‘q.
Telegram’da kontakt ro‘yxatida bo‘lmaganlardan xabar qabul qilish uchun haq undirish funksiyasi 2025-yil mart oyida joriy qilingan bo‘lib, Premium foydalanuvchilar mingdan 10 ming yulduzgacha to‘lov miqdorini belgilash huquqiga ega.