23-07-2025 05:10
Jahon oltin kengashi hisobotiga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida oltin AQSH dollari hisobida 26 foizga oshdi va barcha asosiy valyutalarda yuqori daromad qayd etildi. Bunday o‘sishga zaiflashgan dollar, foiz stavkalarining cheklanganligi va geoiqtisodiy noaniqliklar sabab bo‘ldi.
Kengash ekspertlari ikkinchi yarim yillikda oltin narxi qanday o‘zgarishi mumkinligi borasida bir necha tahminlarni taqdim etdi. Bozordagi kutilmalarga ko‘ra, agar iqtisodiy sharoitlar joriy holatda qolsa, oltin yana 0–5 foizgacha o‘sishi mumkin. Bu holat foiz stavkalari 50 bazaviy punktga pasayishi bilan bog‘liq.
Agar iqtisodiy vaziyat yomonlashib, stagflyatsiya va geosiyosiy keskinliklar kuchaysa, xavfsiz aktiv sifatida oltinga talab ortadi va narx 10–15 foizgacha oshib ketishi ehtimoli bor. Boshqa tomondan, agar global mojarolar hal bo‘lib, bozor barqarorlashsa — bu ehtimoli kam holat hisoblanadi — unda oltin yil boshidagi o‘sishining 12–17 foizini yo‘qotishi mumkin.
WGC tahlilida oltin narxiga ta’sir qiluvchi omillar to‘rt guruhga ajratilgan:
iqtisodiy o‘sish
xavf va noaniqlik
imkoniyat xarajati
bozor inersiyasi.
Bu omillar oltinni ham iste’mol mahsuloti, ham investitsiya aktivi sifatida shakllantiradi.
AQSH dollarining zaif boshlanishi, Federal rezerv siyosatidagi o‘zgarishlar va geosiyosiy xavflar fonida ko‘plab investorlar oltinni uzoq muddatli ishonchli aktiv sifatida ko‘rmoqda.