15-07-2025 11:37
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Anvarxon Temirov vazirdan mahallalar va aholi punktlaridagi yo‘llarning holati haqida so‘radi. Kuz-qish mavsumida fuqarolardan yo‘llarning qoniqarsiz ahvoli yuzasidan murojaatlar ko‘payib borishini bildirdi.
“Mahalla, ichki yo‘llarda 2030-yilgacha asfalt qilinmagan yo‘l qolmaydi. Aniq dastur bor. Ya’ni bugungi kunda biz 70 foiz loy, tuproq yo‘llarining ayrimini shag‘alga, ayrimini asfaltga o‘tkazdik. Qolgan 30 foizini, umuman, tuproq yo‘llarni ikki yilda shag‘alga o‘tkazamiz va 2030-yilgacha yurib bo‘lmaydigan aholi punktining o‘zi qolmaydi. Bu ambitsioz bo‘lgan taqdirda ham, lekin mana, Moliya va iqtisodiyot vazirligi bilan birga bo‘ynimizga olgan tizim”, deb javob berdi Ilhom Mahkamov.
Deputat ichki yo‘llarni mahalliy hokimliklar balansiga o‘tkazish masalasi turganini qayd etib, bitta tumanga qo‘shimcha jamg‘armadan tashqari 4 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘lsa, mahalliy hokimlikning puli yo‘l infratuzilmasini saqlash uchun yetarli bo‘lish-bo‘lmasligini ham so‘radi.
Transport vaziri bunga javoban aniq dastur borligini, ular tasarrufida bo‘lmagan taqdirda ham, buning umumiy siyosatini o‘zlari yuritishini, byudjetning parametri bo‘yicha yo‘llarni ta’mirlash ishlari uchun pul belgilanishini aytdi.
O‘zbekistonda oxirgi 7 yilda yo‘llarni qurish va ta’mirlashga 61 trillion so‘m ajratilgan. Bu 2017-yilgacha berilgan mablag‘lardan 3,5 barobar ko‘p.