09-07-2025 04:57
Qonun loyihasi bilan «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi, «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi, «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi hamda «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunlarga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif qilinmoqda.
Qonun loyihasiga ko‘ra, 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan va chet elda uzluksiz 90 kun va undan ortiq muddat bo‘lib qaytgan O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar OIV infeksiyasiga majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Shuningdek, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham ushbu tekshiruvdan o‘tishga majbur bo‘ladi.
Mahalliy fuqarolar davlat byudjeti hisobidan, xorijliklar esa o‘z mablag‘i, ish beruvchisi yoki qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Tashabbuskorlar fikricha, OIV virusi organizmda odatda 90 kun ichida aniqlanadigan darajaga yetadi. Shu bois ushbu muddat asos qilib olingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda chet eldan qaytgan 1,7 million fuqarodan 434 ming nafari ixtiyoriy tarzda tibbiy tekshiruvdan o‘tgan va ulardan 1512 nafari OIV infeksiyasi bilan kasallangani aniqlangan.
Qonun loyihasi, shuningdek, xususiy bandlik agentliklari zimmasiga fuqarolarni chet elga yuborishdan oldin boradigan davlat qonunchiligi va yashash qoidalari bo‘yicha o‘qitish majburiyatini ham yuklaydi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, ushbu qonun loyihasi OIV infeksiyasi tarqalishini oldini olish, aholi salomatligini muhofaza qilish va mehnat migratsiyasi jarayonlarida ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda ham qabul qilindi va Senatga yuborildi.