24-11-2025 13:03

Mazkur yutuqqa erishgan Agibot A2 roboti Shanxayda joylashgan texnologik kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan. U 10-noyabr kuni kechasi Suchjoudan yo‘lga chiqib, 13-noyabr tongida Shanxayning mashhur Vaytan qirg‘og‘iga yetib kelgan. Uning asosiy ustunliklaridan biri akkumulyatorlarni tezkor almashtirish tizimi bo‘lib, u robotga to‘xtamasdan 106 km 286 metr masofani bosib o‘tish imkonini bergan.
Ishlab chiqaruvchi vakillarining ma’lum qilishicha, Agibot A2 murakkab sharoitlarda mustaqil harakatlanish uchun ilg‘or sensor tizimlari, ko‘p funksiyali kamera bloki va real vaqt rejimida muhitni tahlil qiluvchi algoritmlar bilan jihozlangan. U yo‘l davomida svetoforlar, tor piyodalar yo‘laklari, gavjum trotuarlar va ko‘priklardan o‘tgan. Kecha-yu kunduz harakatlangan robot barcha yo‘l harakati qoidalariga rioya qilgan holda asfaltlangan yo‘llar, tosh yotqizilgan yo‘laklar va keng jamoat maydonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan.
Shanxayga yetib kelgach, rekordchi robot jurnalistlar bilan qisqa “muloqot”da o‘z sayohatini “mashina hayotidagi unutilmas tajriba” deb atagan hamda hazil tariqasida “unga endi yangi tufli kerak bo‘lishi mumkin” degan.
Mutaxassislar bu muvaffaqiyatni Xitoyning gumanoid robotlar bozorini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholamoqda. Agibot A2’ning uzoq masofani bosib o‘tish bo‘yicha tajribasi uni nafaqat xizmat ko‘rsatish, balki xavfsizlik, yetkazib berish, qutqaruv va monitoring kabi sohalarda keng qo‘llash imkoniyatini ochib beradi.
Bu Xitoyning oxirgi yillarda robototexnika bo‘yicha qo‘lga kiritgan yutuqlaridan faqat biri xolos. Avvalroq, 2025-yil aprel oyida Pekinning robotlar bo‘yicha innovatsiyalar markazi yaratgan Tien Kung Ultra roboti 21 kilometrli yarim marafonni 2 soat 40 daqiqada bosib o‘tgan edi.
Shuningdek, joriy yilning yozida mashhur Unitree H1 odamsimon roboti Butunjahon insonparvar robotlar o‘yinlarida 1500 metrga yugurish bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritib, 6 daqiqa 34 soniya natija bilan jahon rekordini yangiladi. 47 kg og‘irlikdagi robot poyga jarayonida ishtirokchi boshqa mini-robotni boshqarayotgan kishiga ham tasodifan urilib ketgan. Videolarda Unitree H1 traektoriya bo‘yicha yurgan paytda qisqa muddat diagonallikka chiqib, yo‘l bo‘yidagi odamga tegib ketgani, so‘ngra qayta tekislanib, harakatni davom ettirgani ko‘rinadi.
Mutaxassislarning aytishicha, bu hodisa robot operatorlaridan biri yugurish vaqtida boshqaruvni boshqa operatorga asossiz tarzda topshirgani sabab yuzaga kelgan. Poyga maydonida yetarli bo‘sh joy bo‘lmagani sabab robotning nazoratsiz harakati qisqa vaqt ichida to‘qnashuvga olib kelgan.
Xitoy robototexnika sanoatining so‘nggi muvaffaqiyatlari mamlakatning global texnologik poygada yetakchilikka intilayotganini ko‘rsatmoqda. Agibot A2 ning rekordi esa kelajakda gumanoid robotlarning kundalik hayotga kengroq kirib kelishi uchun yana bir muhim bosqich bo‘lmoqda.
