11-11-2025 11:59

Phantom monitori HUD (Heads Up Display) va telesuflyor texnologiyalariga o‘xshash tamoyilda ishlaydi. Tasvir maxsus ko‘zgular orqali optik jihatdan qayta yo‘naltirilgan nur yordamida maxsus shaffof oynaga yuboriladi. Natijada foydalanuvchi ekrandagi tasvirni “havoda muallaq turgandek” ko‘radi. Biroq ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, bu haqiqiy shaffof panel emas, chunki barcha tasvirlar ko‘zguda hosil bo‘ladi, ammo ko‘rinishi shaffoflik effektini beradi.
Bunday yechimning afzalliklari ko‘p, jumladan, ekran yorqinligi va kontrast darajasi yuqori darajada saqlanadi. Ko‘plab haqiqiy shaffof OLED displeylar bilan solishtirganda, Phantom foydalanuvchining ko‘zlariga tushadigan bosimni kamaytiradi, tasvirning tiniqligi esa yo‘qolmaydi. Monitorning eng qiziqarli xususiyati — shaffoflik darajasini sozlash imkoniyati bo‘lib, foydalanuvchi bir necha ish rejimini tanlash imkoniga ega:
• Standart displey — odatiy monitor rejimi, rasm to‘liq yorqinlikda;
• Yarim shaffof rejim — orqa fon qisman ko‘rinadi;
• To‘liq shaffof rejim — foydalanuvchi tasvirni deyarli shisha sirt ustida ko‘radi.
Texnik jihatdan Phantom 24 dyuymli 4K (3840×2160) aniqlikdagi panelga ega bo‘lib, eng baland yorqinlik darajasi 5 000 nitga teng. Bu ko‘rsatkich bozordagi aksariyat professional HDR monitorlardan ancha yuqori. Qurilma Ultra HDR standartini qo‘llab-quvvatlaydi va sRGB rang maydonini 100 foiz qamrab oladi, bu esa grafik dizayn va videomontaj bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun muhim ko‘rsatkichdir.
Ulanish imkoniyatlari ham zamonaviy talablarga javob beradi: USB-C, HDMI va DisplayPort interfeyslari mavjud. USB-C orqali bitta kabel yordamida quvvat olish, ma’lumot va tasvir uzatish mumkin. Shuningdek, monitor integratsiyalashgan sensor tizim bilan jihozlangan bo‘lib, foydalanuvchining joylashuvi yoki yorug‘lik sharoitiga qarab avtomatik sozlanadi.
Phantom monitori cheklangan miqdorda, atigi 10 nusxada chiqariladi. Founders Edition versiyasi 2025-yilning to‘rtinchi choragida ishlab chiqarish bosqichiga kiradi va dastlab AQSh, Yaponiya hamda Janubiy Koreyada sotuvga chiqadi. Kompaniya vakillari keyingi yillarda Phantom’ning keng ommaga mo‘ljallangan versiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini ham ma’lum qildi.
