29-10-2025 09:54

Fichajes nashrining xabar berishicha, “Real Madrid” Vinisiusga shart qo‘ygan: agar u yaqin vaqt ichida shartnoma uzaytirmasa, unga ajratiladigan o‘yin vaqti sezilarli darajada kamayadi. Klub futbolchiga 2026-yilning iyun oyiga qadar vaqt bergan. Agar bu davr mobaynida tomonlar kelishuvga erisha olmasa, “qirollik klubi” Vinisiusni zaxira futbolchisiga aylantiradi.
Shuningdek, klub rahbariyati 2027-yilda erkin agent sifatida ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun uni 2026-yilda sotish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Qolaversa, Vinisiusga ogohlantirish ham berilgan — murabbiy qarorlariga nisbatan norozilik va maydondan g‘azab bilan chiqish kabi holatlar endi kechirilmaydi.
Ma’lumot uchun, Vinisius Junior 2018-yilning yozidan beri “Real” safida to‘p suradi. Shu paytgacha u “qirollik klubi” bilan uch karra Ispaniya chempioni, ikki karra Chempionlar Ligasi g‘olibi bo‘lgan. Futbolchining amaldagi shartnomasi 2027-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Joriy mavsum Vinisius Junior barcha musobaqalar doirasida jami 13 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 5 ta gol urgan va 4 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 150 million yevroga baholamoqda.
