Bugungi kunda tijorat banklari ipoteka kreditlarini byudjet mablag‘lari va o‘z mablag‘lari hisobidan ajratmoqdalar. Shu bilan birga, Osiyo taraqqiyot bankidan jalb etilgan qarz hisobidan O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi orqali ipoteka kreditlari qayta
moliyalashtirilmoqda.
Aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qanoatlantirish maqsadida bozor tamoyillari asosida tijorat banklariga moliyaviy resurslar taqdim etish zarurati yuzaga kelmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan “Ipoteka krediti bozorining rivojlantirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi aynan shu masala bilan bog‘liq.
— Aholining uy-joylarga o‘sib borayotgan ehtiyojini qanoatlantirish uchun bozor tamoyillari asosida tijorat banklariga moliyaviy resurslar taqdim etish zarur, — dedi deputat J.Abdurasulov. — Buning uchun ipoteka bozorini uzoq muddatli resurslar bilan ta’minlashda faqat davlat byudjeti yoki tashqi qarz mablag‘larini jalb etmasdan ipoteka bozoridagi vositalardan keng foydalanish maqsadga muvofiq. Odatda bank ipoteka kreditini ajratganidan so‘ng ushbu mablag‘lar qaytishini 20 yil kutishi kerak. Banklar ajratilgan mablag‘lar aylanmasini tezlashtirish uchun ushbu kreditlarning o‘zini aktiv sifatida ishlatadi. Buning vositalaridan biri bu garov xatini rasmiylashtirish hisoblanadi.
Garov xatini boshqa shaxsga o‘tkazish fuqaro uchun ipoteka krediti shartlarini o‘zgartirmaydi va unga qo‘shimcha majburiyatlarni yuklamaydi. Faqat kredit bo‘yicha to‘lovlarni qabul qiluvchi shaxs o‘zgaradi, xolos. Keyinchalik bank garov xatlarini ta’minot sifatida ishlatib, boshqa moliyaviy institutlardan qarz mablag‘larini jalb qilishi mumkin bo‘ladi.
Amaldagi qonunchilikda garov xati mexanizmini takomillashtirish orqali ipoteka bozoriga uzoq muddatli resurslarni jalb etish va ipoteka kreditini aktiv sifatida muomalaga kiritish nazarda tutilgan. Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining “Ipoteka to‘g‘risida”gi Qonunga onlayn tartibda yoki davlat xizmatlari markaziga borish orqali garov xatini rasmiylashtirish va garov xati bilan bog‘liq boshqa harakatlarni amalga oshirish maqsadida o‘zgartirishlar kiritish taklif qilinmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi garov xatini rasmiylashtirish, uni berish, ipoteka kreditini qayta moliyalash jarayonini soddalashtirish, vaqt hamda xarajatlarni tejash imkonini beradi, kredit oluvchilarga yengilliklar taqdim etadi. Shuningdek, tijorat banklarining xalqaro moliya bozoridan investitsiyalarni jalb etish imkoniyati oshadi.
Savol-javob va qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi.