O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar tomonidan bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilinishi ustidan nazoratni kuchaytirishga oid hukumat qarori qabul qilindi.
Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov raisligida Yirik korxonalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi komissiya tashkil etildi. Komissiya:
- alohida monitoringni talab etuvchi tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar (keyingi o‘rinlarda – yirik qarzdorlar) ro‘yxatini tasdiqlaydi;
- yirik qarzdorlar tomonidan jalb qilinayotgan bank krediti yoki tashqi qarz hisobidan moliyalashtirilishi taklif etilayotgan loyiha bo‘yicha taqdimotlarni ko‘rib chiqadi;
- taqdimot qilingan loyihalar uchun bank krediti yoki tashqi qarz jalb etilishini ma’qullaydi yoki rad etadi; loyihalarning natijadorligini o‘rganadi;
- yirik qarzdorlarning moliyaviy holatini muntazam monitoring qiladi hamda moliyaviy holati yomonlashganda moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab:
- yirik qarzdorlar moliyaviy holatiga ko‘ra “past xatarli”, “o‘rta xatarli” va “yuqori xatarli” guruhlarga toifalanadi hamda ushbu toifalardan kelib chiqqan holda ular tomonidan bank krediti va tashqi qarz jalb qilish tartibi belgilanadi;
- yirik qarzdorlarning yil yakuni bo‘yicha moliya-xo‘jalik faoliyati xalqaro auditorlik tarmoqlari va uyushmalariga a’zo bo‘lgan auditorlik tashkilotlari tekshiruvidan o‘tkaziladi (mazkur qaror qabul qilinishidan oldin tanlab olingan auditorlik tashkilotlari bundan mustasno);
- yirik qarzdorlar choraklik moliyaviy hisobotlarini, shuningdek, bank krediti va tashqi qarzlar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar, tashqi qarz bitimlari va kredit shartnomalari bo‘yicha majburiyatlarining bajarilishi bilan bog‘liq ma’lumotlarni har chorak yakuni bilan Muvofiqlashtiruvchi komissiyaga taqdim etadi;
- mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi yirik qarzdorlar bank krediti va tashqi qarz jalb qilishga Muvofiqlashtiruvchi komissiyadan ruxsat olishi uchun tashkiliy-huquqiy shaklini aksiyadorlik jamiyatiga o‘zgartirishi va faoliyatini AJlar to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq tashkil etishi kerak bo‘ladi.
O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar tomonidan bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, “yirik qarzdor” deganda O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega, moliyaviy qarzlari 50 mln dollar ekvivalenti miqdoridan kam bo‘lmagan, yuridik shaxs maqomiga ega bir qarz oluvchi, o‘zaro aloqador qarz oluvchilar guruhi yoki tarkibidagi korxonalar (tijorat banklari bundan mustasno) tushuniladi.
Nizom talablari tijorat banklari oldida kredit majburiyatiga ega bo‘lmagan, davlat ishtirokisiz tashqi qarz jalb etmoqchi bo‘lgan xususiy korxonalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ma’lumot uchun, 2022-yilda tashqi qarzlari ustidan nazorat o‘rnatiladigan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxati tasdiqlangan va bu ro‘yxatga 28 ta korxona kiritilgan. Yangi qaror bilan belgilangan tartib ana shu tizimni sezilarli kengaytiradi, 28 ta korxonaga taalluqli bo‘lgan eski (amaldagi) tartib esa 2026-yil 1-yanvardan bekor qilinadi.
- 2025-yil 1 iyul holatiga, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 72,2 mlrd dollarga yetgan. Shundan 36,8 mlrd dollari – davlat tashqi qarzi, 35,4 mlrd dollari – davlat kafolatisiz korporativ tashqi qarzlardan iborat. Birinchi yarim yillikda davlat tashqi qarzi 2,7 mlrd dollarga ko‘paygan bo‘lsa, korporativ tashqi qarzlar 5,2 mlrd dollarga oshgan.