27-10-2025 09:18

Buxoro shahrida ayol plastik jarrohlik amaliyotidan so‘ng vafot etdi. Bu haqda marhumaning yaqinlari Kun.uz’ga xabar berdi. Holatni Kun.uz manbasi ham tasdiqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2001-yilda tug‘ilgan Shahrizabegim Xoliqova 2025-yil 25 sentyabr kuni Buxoro shahridagi xususiy klinikada plastik jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan.
Marhumaning opasi Xusnbonu Karimova Instagram sahifasida yozishicha, operatsiya oldidan zarur tahlillar o‘tkazilmagan. Qon tahlili faqat operatsiyadan ikki soat oldin olingan bo‘lib, qonda gemoglobin darajasi juda past ekani aniqlangan. Shuningdek, operatsiyadan oldin peshob tahlili va EKG ham amalga oshirilmagani aytilmoqda. Shunga qaramay, shifokor jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan.
Operatsiyadan so‘ng ayolning ahvoli keskin yomonlashgan. Shifokor o‘zining xususiy klinikasida xodimidan olingan qonni to‘g‘ridan to‘g‘ri bemorga quydirgan. Shundan so‘ng bemorning buyraklari ishdan chiqqan va u 27 sentyabr kuni Buxoro shahar shifoxonasi jonlantirish bo‘limiga yotkazilgan.
“Opam bir oy o‘lim bilan kurashdi. 24 oktyabr kuni shifokor Toshkent shahriga olib borish zarurligini aytib, ota-onamga imzo qo‘ydirib oldi. Toshkent shahridagi shifoxonaga yetib borguncha opamning yuragi urishdan to‘xtadi. 6 yoshli o‘g‘li va 3 yoshli qizi yetim qoldi”, dedi marhumaning Kun.uz bilan bog‘langan ukasi.
Hozircha holat bo‘yicha rasmiy izoh berilmadi.
