22-10-2025 10:40

Ma’lum bo‘lishicha, Koson tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli poliklinikada ishlovchi 32 yoshli hamshira 2020 yilda tug‘ilgan qizni onasi bilan kelishgan holda, 19 million 700 ming so‘mga boshqa ayolga sotgan. Shundan so‘ng, hamshira bolani sotib olgan ayolga bola uchun tug‘ilganlik haqida guvohnoma olib berishni va’da qilib, buning evaziga 2 million so‘m pora olgan.
U keyinchalik 60 yoshli erkak bilan til biriktirib, qizaloqni yana boshqa bir fuqaroga 15 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan.
Mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sudning 17 sentyabr kungi hukmiga ko‘ra, aybdor deb topilgan hamshira 2 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi va bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida jarimaga tortildi.
Uning sherigiga esa uy qamog‘i shaklida uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, shuningdek, bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida jarima jazosi belgilandi.
Ayni paytda qizaloqning ahvoli yaxshi – u Kitob tumanidagi bolalar uyida tarbiyalanmoqda.
