24-10-2025 10:44

O‘zbekiston hukumati 2025-yil 22oktabrda qabul qilgan qaroriga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab qurilish sohasida davlat tili qoidalarini majburiy tatbiq etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi talablarga binoan, turar joy majmualari va boshqa qurilish obyektlarining nomi, bino pasportlari va loyihalari, shuningdek, peshlavha, devor va to‘siqlardagi barcha yozuvlar davlat tilida yozilishi shart bo‘ladi. Shu qoidalar reklama va e’lonlar uchun ham tatbiq etiladi.
Qurilish-montaj ishlarini boshlash yoki obyektni foydalanishga qabul qilish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi hududiy inspeksiyalarga taqdim etiladi. Bu jarayonda davlat tilida rasmiylashtirilgan hujjatlar talab etiladi.
Bundan tashqari, tegishli vazirlik va idoralarga bir oy muddat ichida «E-XSUD» axborot tizimi hamda ekologiya sohasidagi ruxsatnoma berish tizimlarini Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining «Kadastr va ro‘yxatdan o‘tkazish integratsiyalashgan axborot tizimi» va «Shaffof qurilish» platformasi bilan to‘liq integratsiya qilish vazifasi yuklatilgan.
Mazkur chora davlat tilining ijtimoiy hayotdagi mavqeini mustahkamlash va qurilish sohasida yagona axborot maydonini shakllantirishga qaratilgan.
