15-10-2025 09:27
Durov o‘zining Telegram-kanali orqali ma’lum qilganidek, messenjer Fransiyadagi barcha foydalanuvchilarga Yevroittifoq tomonidan tayyorlanayotgan chatlarni nazorat qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi haqida xabar yuborgan. Unga ko‘ra, «odamlar o‘z erkinligini tortib olishga urinayotganlarning ismini bilishi kerak».
«Bugun Yevroittifoq sizlarni shaxsiy hayot daxlsizligi huquqidan mahrum etishga oz qoldi. Ular har bir yozishmani skanerlaydigan qonunni qabul qilishga yaqin turibdi, bu esa foydalanuvchilarning telefonlarini haqiqiy josuslik qurilmasiga aylantiradi. Fransiya bu avtoritar qonun tashabbusining boshida turibdi», — deya bayonot berdi Durov. U qonunni qo‘llab-quvvatlaganlar orasida Fransiyaning sobiq ichki ishlar vaziri Bryuno Retayo va hozirgi vazir Loran Nunes ismini tilga oldi.
Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus jinoyatchilikni to‘xtatolmaydi, chunki huquqbuzarlar VPN yoki maxsus veb-saytlar orqali o‘z faoliyatini yashirishi mumkin.
Qonun loyihasi Germaniya qarshi chiqqanidan so‘ng qabul qilinmadi. «Aynan Germaniyaning pozitsiyasi bizning huquqlarimizni saqlab qoldi. Biroq erkinlik hamon xavf ostida. Fransuz siyosatchilari shaxsiy yozishmalarga to‘liq kirish imkonini qo‘lga kiritishga urinayotgan bir paytda, fransuz va umuman yevropaliklarning asosiy huquqlari tahdid ostida qolmoqda», — dedi Durov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon internet erkinligi uchun jiddiy sinov hisoblanadi. Durov avvalroq «insoniyatda internetni saqlab qolish uchun vaqt tobora qisqarib bormoqda», deb ogohlantirgan edi.