15-10-2025 09:21
AQSH 2025 yilda Henley & Partners reytingi tarixida birinchi marta dunyoning eng kuchli 10 ta pasporti qatoridan joy olmadi, deyiladi kompaniya saytida. Reyting 2006 yildan beri tuziladi.
Hozir Amerika fuqarolari 227 ta yo‘nalishdan 180 tasiga vizasiz sayohat qilishi mumkin.
Kompaniya AQSHning reytingda qulashini viza siyosatidagi so‘nggi bir qator o‘zgarishlar, xususan, Braziliya va Xitoy bilan vizasiz rejimning bekor qilinishi, shuningdek, Myanma, Somali va Vetnamning amerikaliklar kirishini cheklovchi qarorlari bilan izohladi.
2014 yilda AQSH reytingda birinchi o‘rinni egallagan edi. Endi unda Osiyo mamlakatlari yetakchilik qilmoqda: 193 mamlakatga vizasiz kirish huquqiga ega Singapur, Janubiy Koreya (190) va Yaponiya (189).
Amerika pasporti mavqeining zaiflashishi amerikaliklarning boshqa mamlakat rezidentligi va fuqaroligini olishga qiziqishini oshirdi. Filadelfiyadagi Templ universiteti huquq professori Piter Spironing fikricha, yaqin yillarda AQSH fuqarolari orasida ikkinchi fuqarolikni olishga intilayotganlar soni ortib boradi. «Ko‘pfuqarolik Amerika jamiyatida yangi me’yorga aylanmoqda», deb qo‘shimcha qildi u.
O‘zbekiston pasporti Henley & Partners reytingida 82-o‘rinda qayd etilgan, o‘zbekistonliklar 61 davlatga vizasiz borish huquqiga ega.