14-10-2025 10:05
Urbanist Husan Muqimov shu mavzudagi maqolada keltirilgan asosiy fikrlar bilan bo‘lishdi.
«Xalqaro energiya tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil davomida dunyo bo‘yicha bor-yo‘g‘i oltita yangi atom reaktori ishga tushirilgan bo‘lib, ular umumiy hisobda 6,8 GW quvvat bergan. Biroq eski stansiyalar yopilgani sababli, sof o‘sish atigi 3,9 GWni tashkil etgan.
Solishtirish uchun: faqatgina Xitoy shu yilning o‘zida 277 GW quyosh energiyasi quvvatini qo‘shgan — bu butun dunyodagi atom energetikasi o‘sishidan deyarli 70 barobar ko‘p.
Maqolada ta’kidlanishicha, atom energiyasining raqobatbardoshligini yo‘qotishining asosiy sababi — pul va vaqt. Yangi atom stansiyasini qurish uchun 10–15-yil talab etiladi, loyiha qiymati esa milliardlab yevroni tashkil qiladi. Bundan tashqari, moliyaviy xatarlar ham katta: kechikish yoki xatolar loyiha narxini bir necha marta oshirishi mumkin.
Shu bilan birga, quyosh va shamol energiyasi stansiyalari bir necha oyda quriladi, ularning narxi tez tushmoqda va sarmoya jalb etish ham osonlashmoqda.
Qizig‘i shundaki, arzon, qulay va zamonaviy yechim sifatida ko‘rilayotgan mini-modulli reaktorlar (SMR) ham hozircha o‘zini oqlamayapti. Misol sifatida AQSHning Yuta shtatidagi UAMPS loyihasi keltirilgan — u birinchi tijorat mini-reaktor bo‘lishi kerak edi, ammo xarajatlar keskin oshgani sabab bekor qilingan.
Prognozlarga ko‘ra, birgina Xitoyning o‘zi 2030-yilga borib, o‘zining asosiy ehtiyojini faqat quyosh energiyasi orqali qoplash imkoniga ega bo‘ladi. Shu sababli Xitoy va Hindiston kabi gigant davlatlar quyosh energiyasiga katta sarmoya kiritmoqda».
Avvalroq O‘zbekistonda AES qurilishi bo‘yicha jamoat eshituvlari noyabr–dekabrda o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik.