15-10-2025 09:23
Urushdan keyin G‘azo sektorini 15 nafar falastinlik texnokratlar guruhi boshqaradi. Misr tashqi ishlar vaziri Badr Abdul’attiy Associated Press agentligiga ma’lum qilishicha, nomzodlar allaqachon tanlab olingan, shuningdek, Isroil tomonidan tekshirilgan. Bu haqda Times of Israel xabar berdi. Bu odamlarning ismi hozircha oshkor qilinmayapti. Vazir so‘zlariga ko‘ra, 15 kishidan iborat «ma’muriy qo‘mita» barcha falastinlik fraksiyalar, jumladan, HAMAS tomonidan ham ma’qullangan.
«Biz ularni G‘azo aholisining kundalik hayotini ta’minlash uchun yo‘naltirishimiz kerak, «Tinchlik kengashi» esa G‘azoni tiklash uchun keladigan moliyaviy yordam oqimlarini qo‘llab-quvvatlashi va nazorat qilishi kerak», dedi Abdul’attiy.
AQSH prezidenti Donald Tramp avvalroq G‘azo sektorini tiklash uchun «Tinchlik kengashi»ni tuzishni taklif qilgan edi. Kengashga Trampning o‘zi rahbarlik qilmoqchi.
Abdul’attiy so‘zlariga ko‘ra, HAMAS Tramp rejasini qo‘llab-quvvatlaydi va «o‘tish davrida hech qanday rol o‘ynamaydi». O‘z navbatida, Isroil tinch aholi xavfsizligini ta’minlash uchun gumanitar yordam oqimini va joylardagi ma’muriy qo‘mita ishini ta’minlab, G‘azodan qo‘shinlarni olib chiqish shartlarini bajarishi kerak, deb qo‘shimcha qildi Misr vaziri.
10 oktyabr kuni Isroil hukumati HAMAS bilan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvni tasdiqladi, bu Tramp ma’muriyati tomonidan taklif qilingan tinchlik rejasining birinchi bosqichi bo‘ldi. Erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, Isroil armiyasi G‘azo ichidagi yangi pozitsiyalarga chekinib, anklav hududining 53 foizini o‘z nazoratida saqlab qolishi kerak. 13 oktyabr kuni garovga olinganlarning tirik qolgan oxirgi 20 nafari Isroilga qaytdi.
Ma’lumot o‘rnida, siyosatdagi texnokrat - bu siyosatchi-mafkurachi sifatida emas, balki mamlakatni, vazirlikni yoki iqtisodiyotni samarali boshqarishga chaqirilgan professional mutaxassis sifatida hokimiyatga kelgan davlat arbobi yoki amaldordir. U populizm yoki partiyaviy kurashga emas, balki bilim, tajriba va isbotlash usullariga tayanadi.